“TIL – MILLAT KO‘ZGUSI”

“TIL – MILLAT KO‘ZGUSI”

Tafsilot

Qisqacha

“TIL – MILLAT KO‘ZGUSI”

Batafsil

Har bir xalqning o‘zligini namoyon etuvchi milliy va umuminsoniy qadriyatlari bo‘ladi. Tiriklik uchun toza havo bilan quyosh nuri, nonu suv qanchalik hayotiy zarurat bo‘lsa, millatning yashashi va ravnaq topishini ham ona tilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi albatta. Til muqaddas va mo‘tabar oliy ne’mat, u shaxsni shakllantirgan, qavmlarni birlashtirgan, millatni taraqqiyot bosqichiga olib chiqqan, millatning ruhiy takomilini, tafakkurini, g‘ururini vujudga keltirgan oliy ne’matdir. Tabiat bunday oliy ne’matni faqat insonlargagina ato etgan. Hazrat Navoiy “insonni so‘z ayladi judo hayvondin” deb e’tirof etsa, ulug‘ bobomiz Yusuf Xos Hojib “Odobning boshi tildir” deb ta’kidlaydi. Tilga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom insonning o‘z tiliga hurmati va e’zozidir. Shu ma’noda tilni qanchalik e’zozlasak, u shunchalik e’zoz va e’tiborga munosib va loyiqdir. Mustaqilligimiz yillarida yaratilgan keng huquq va imkoniyatlar natijasida o‘zbek tilining milliy o‘ziga xosligi, so‘zga boy hamda tarixiy ildizlari chuqur ekanligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab kabi mutafakkir-shoirlarimiz va Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor va Mirtemir domla singari ulug‘ adiblarimizning rang-barang tili, xalqchil va serjilo uslubini chuqur o‘rganish ma’naviyatimizni ham, nutq va tafakkurimizni ham behad boyitadi. Ma’lumki, dunyoda 240 dan ortiq davlatlarda yashovchi millat- elatlar va tillar mavjud bo‘lsada, barcha tillar ham davlat tili maqomiga ega emas. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Til har bir millatning ko‘zgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson o‘z onasini ko‘rmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqini keltirishimiz mumkin: «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin». YuNESKO vakillarining ma’lumotlariga ko‘ra, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta’lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. Til – millatning ma’naviy boyligi. Til nafaqat muoamala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi hamdir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarning saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Hozirgi kunda ona tilimiz, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla ona tilimiz yangramoqda. Milliy til va uning ravnaqi yo‘lida g‘amxo‘rlik qilish bir guruh mutaxassislargagina tegishli ilmiy-amaliy soha yoki mavsumiy bir tadbir emas. Aksincha, bu avlodlardan-avlodlarga o‘tib, boyib va sayqallanib kelayotgan xalq tilining sofligi va istiqboli haqida qayg‘urish, ona tilining to‘laqonli yashash huquqi uchun, millat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati uchun kurashdir. Bu eng ulug‘ muhorabadir. Mana yaqinda o‘zbek tilining buyuk so‘z sultoni Mir Alisher Navoiy xazratlarining tavallud kunlari yaqinlashib kelmoqda. Milliy tilni kamol toptirish va uni oliy darajaga ko‘tarish jihatdan Alisher Navoiy ijodi va faoliyati barcha avlodlarga yuksak namuna desak adashmaymiz. Navoiy haqiqiy millatparvar shoir sifatida o‘zbek tili va adabiyotimizning nechog‘lik boy, rang-barangligi va cheksiz imkoniyatlarini butun ijodi va serqirra faoliyati bilan isbotlab, uning nufuzini jahon miqyosiga olib chiqdi. O‘zbek tili xaqida gap borar ekan, bugun yoshlarimizda ona tili va adabiyotimizni o‘rganishga mehr, ishtiyoq sustlashganligini, shu bois ularda savodxonlik ham pastroq ko‘rinishini aytib o‘tmoqchiman. Bu jihatdan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda abiturientlarning ona tili fanidan imtihon topshirishlari shart qilib qo‘yilgani barchamizni xursand qiladi. Lekin bo‘lajak filolog va pedagog-o‘qituvchilar ona tili va adabiyotdan insho yozishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O‘qish davomida ham barcha yo‘nalishlarda o‘zbek tili va adabiyoti o‘tib o‘rganilishi zarurati davr talabi bo‘lsa, ammo uni ilmiy-nazariy tushuncha va qoidalar majmuasidan iborat fan sifatida emas, badiiyat va nafosatni qalban anglash, ijodiy fikrlash hamda mushohadaga o‘rgatuvchi san’at turi sifatida o‘tilsa, yoshlarning komil inson bo‘lishlarida beqiyos ahamiyat kasb etardi. Yoshlarimiz mumtoz asarlarni tushunib yodlash, ulardagi badiiy so‘z jilolari va tagma’nolarini hayot bilan, inson ruhiyati bilan bog‘lab tahlil etishni o‘rgansalar edi, bu yanada yaxshi bo‘lardi. Guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi, ba’zi bir nomaqbul, mazmun ma’nosiz so‘zlar ko‘payib va hattoki o‘zlari ma’nosini bilmaydigan ismlarni farzandlarga berish odati ko‘payib borayapti. Bunday milliy mintalitetimizga xos bo‘lmagan ismlarni qo‘yish mumkin emasligi qonunchilik yo‘li bilan taqiqlab qo‘yish fursati yetib keldi deb o‘ylayman. Teleshoularda ma’nisizlik va shovqin ko‘payib ketyapti. San’atkor va olimlarimiz chiqishlarida fikrlarini adabiy tilda aytsalar, yoshlar ulardan ibrat olishi, tayin. So‘zi, fikrlari go‘zal suxandonlar, taniqli aktyorimiz ta’lim muassasalarida nutq madaniyati darslariga taklif etilsa, yoshlarimiz ona tili va adabiyotning sehri-jozibasidan ko‘proq bahramand bo‘lsa ajabmas. Xozirgi kunda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim. Bunday vatanparvar harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq o‘zbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Zero, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur». Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, ona tilini yanada rivojlantirish maqsadida, ilmiy izlanishlar olib borish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa chet tillari bilan o‘zbek tilining qiyosiy tipologiyasi sohasida o‘zbek tiliga o‘girilmagan terminlar va xorijiy ilmiy adabiyotlar mavjud. Ushbu ilmiy asarlarni yoshlar o‘rganishi va izlanishlar olib borishi talab etiladi.

Mavzuga oid