BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN, AZIZ TALABA – YOSHLAR!

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida mamlakatimiz yoshlari yetakchi kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Bugun yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvida, iqtisodiyotning barcha sohalarida va ijtimoiy hayotda faolliklari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Tafsilot

Qisqacha

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida mamlakatimiz yoshlari yetakchi kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Bugun yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvida, iqtisodiyotning barcha sohalarida va ijtimoiy hayotda faolliklari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Batafsil

Yoshlar senator, deputat, hokim, davlat tashkiloti rahbari yoki o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasasi rektori, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat olib borayotgan yirik korxonalarni boshqarayotgan tadbirkorlardir. Albatta, bunday natijaga o‘z o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Buning zamirida Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga bildirilayotgan yuksak ishonch, keng imkoniyatlar yotibdi. Bugun yoshlar uchun barcha eshiklar ochiq. Bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo‘lish, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish ularning oliy maqsadiga aylangan. O‘sib kelayotgan yosh avlod esa ulardan o‘rnak olib, yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, kelajakda o‘zlari tanlagan sohaning malakali mutaxassisi bo‘lish uchun bugun ta’lim muassasalarida chuqur va puxta bilim olishga intilmoqdalar. Ta’kidlash joizki, oliy, professional, kasb-hunar va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida 674 527 nafar yoshlar tahsil olib, ularning 32 586 nafari akademik litsey o‘quvchilari, 173 480 nafari kasb-hunar kollejlari va 468 461 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalaridir. Shu bilan birga, tizimda 14 319 nafar yosh mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Ular mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda taraqqiy etishi yo‘lida munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Shunday shijoatli yoshlarimiz qatorida kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan o‘quvchilar ham o‘zining munosib o‘rniga ega. Joriy 2020/2021 o‘quv yilida respublikamizdagi 170 mingdan ziyod ana shunday yoshlar o‘z qiziqishlari bo‘yicha kasb-hunar egallab, katta hayotga qadam tashlamoqda. So‘nggi uch yilda oliy ta’lim muassasalariga yoshlarni qamrab olish darajasi keskin oshdi. Bu yildan boshlab, respublikamizda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatishning mutloq yangi tizimi joriy etilayotgani mamlakatimiz yoshlarining o‘z oldiga qo‘ygan orzu-intilishlarining ro‘yobga chiqishida muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, qizlarimizga oliy ta’lim olishlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar berilayotgani yanada quvonarli. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratilgan. Mazkur imkoniyat yurtimizda ilm-ma’rifatning yanada ravnaq topishiga, millatimiz ma’naviyatining yanada yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz. O‘z o‘rnida, biz barcha bilimga chanqoq yoshlarimizni O‘zbekiston talabalari safida ko‘rishdan, ularga o‘z ezgu niyatlarini ro‘yobga chiqarishda malakali bilim berish va Vatanimiz uchun har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib kamol topishlariga xizmat qilishdan mamnunmiz. Aziz yoshlar! Siz ona Vatanimizning suyanchi va porloq istiqbolisiz! Buyuk O‘zbekistonni barpo etishdek ulkan maqsad bilan katta yo‘lga chiqqan yangi O‘zbekistonimizning taqdiri bilan o‘z taqdiringizni bog‘lashingizga ishonamiz! Mamlakatimizning umidli kelajagi bo‘lgan Siz yoshlarni, 30 iyun – Yoshlar kuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi jamoasi nomidan tabriklayman! Bugun abiturient bo‘lgan yoshlarimizni talaba sifatida, oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan yoshlarimizni mutaxassis sifatida, ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchi yoshlarimizni falsafa yoki fan doktori sifatida tabriklash nasib qilsin. Barchangizga sog‘lik va omonlik, omad va muvaffaqiyat tilab qolaman!

Mavzuga oid